AsosiyDunyo

Qozog‘iston chet el fuqarolariga “oltin viza” joriy qilmoqchi

Mazkur viza orqali xorijliklar mamlakatda 10 yilgacha yashay oladi.

'Qozog‘iston chet el fuqarolariga “oltin viza” joriy qilmoqchi'ning rasmi

Qozog‘istonda xorijliklarga 10 yilgacha yashash uchun ruxsatnoma olish imkonini beruvchi “oltin viza” joriy etiladi. Bu haqda davlatning Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mamlakatda investor vizasini olishning yangi qoidalari tasdiqlangan. Unga ko‘ra, Qozog‘iston kompaniyalarining ustav kapitaliga yoki mahalliy emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarga kamida 300 ming AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritgan chet el fuqarolari investor vizasini olish uchun elektron ariza topshirishi mumkin bo‘ladi.

Ushbu “oltin viza” keyinchalik respublikada 10 yilgacha yashash uchun ruxsatnoma olish imkoniyatini nazarda tutadi.

Bu mamlakatning investitsion jozibadorligini mustahkamlashga qaratilgan. Bunday vizaviy dasturlar AQSH, BAA va Yevropa Ittifoqi allaqachon qo‘llanilmoqda. Ular kapital, texnologiyalar va biznes faoliyatini jalb qilishda samarali vosita sifatida o‘zini oqlagan.

Qozog‘iston ham bu yondashuvga qo‘shilmoqda va o‘zining investitsion rezidentlik modelini taklif qilmoqda. “Oltin vizalar”ni berish xorijiy investorlar uchun qulay va barqaror muhit yaratadi, huquqiy kafolatlarni ta’minlaydi va Qozog‘istondagi investitsiya muhitiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi.

Bu yangilik mamlakatning ochiqlik, kapitalni himoya qilish va barqaror xalqaro iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan strategik yo‘nalishini aks ettiradi, deya ta’kidladi Tashqi ishlar vazirligi.

Hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan (30-aprel) e’tiboran 10 kun o‘tgach kuchga kiradi.

    Boshqa yangiliklar