Rossiya hukumati benzin ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmaydigan kompaniyalar uchun benzin eksportiga qo‘yilgan taqiqni 1 martdan 31 avgustgacha uzaytirdi. Tegishli qarorni bosh vazir Mixail Mishustin imzoladi.
Cheklov neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning o‘zlari tomonidan amalga oshiriladigan yetkazib berishlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Rasmiylar taqiqning uzaytirilishini ichki yonilg‘i bozorini barqarorlashtirish, neftni qayta ishlash sanoatini qo‘llab-quvvatlash va "kulrang" eksportga qarshi kurashish zarurati bilan izohladi.
Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 4 fevraldan 24 fevralgacha yonilg‘i narxi bir necha marta oshgan, biroq 26 fevral kuni Sankt-Peterburg xalqaro tovar-xomashyo birjasida Ai-92 va Ai-95 narxlari mos ravishda 0,33 va 0,83 foizga arzonlagan.
Benzin eksportiga taqiq 2024 yil fevral oyida joriy etilgandi. Dastlab u 1 martdan 31 avgustgacha davom etishi taxmin qilingan edi. Cheklov YEOII mamlakatlaridan tashqari har qanday mamlakatlarga benzin yetkazib berishni taqiqlagan. Qaror yonilg‘i bozorida talab yuqori bo‘lgan davrda "barqaror vaziyatni saqlab turish" bilan izohlangan.
Cheklovlar may oyida ichki bozorning to‘yinishi va Ukraina dronlari hujumlari tufayli zarar ko‘rgan neftni qayta ishlash zavodlarida rejadan tashqari ta’mirlash ishlari yakunlangani sababli vaqtincha olib tashlangan.






