"O`zbekiston – 2030” strategiyasining 60-bandida urbanizasiya darajasini 60 foizga etkazish, «millionlik shaharlar»ni barpo etish, katta shahar va tumanlar sonini 28 taga etkazish, 2030 yilga qadar 1 million xonadonli uy-joylar qurish, "Yangi O`zbekiston" massivlari sonini 100 taga etkazish, aholi zich bo`lgan hududlarda «bo`yiga o`stirish» tamoyili asosida ko`p qavatli uy-joylar barpo etish vazifalari belgilangan.
Shuningdek, rivojlangan davlatlarning bino-inshootlar bo`yicha qurilish xavfsizligi me`yorlari asosida yangi standartlarni joriy qilish, qurilishda montaj ishlarini baholash, tekshirish va qabul qilish tizimiga xususiy sektorni keng jalb qilish va boshqa ko`plab ustuvor vazifalar qamrab olingan.
Statistika agentligining ma`lumotlariga ko`ra, yurtimizda qurilish ishlari hajmi 2016 yilga nisbatan deyarli 4,5 barobarga oshdi, ya`ni 2023 yilning 11 oyida 132 trillion so`mdan oshdi (2016 yilda 230 trln.so`m bo`lgan).
2024 yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta`mirlash uchun 14,6 trillion so`m mablag` ajratilgan. “2024 yil uchun O`zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to`g`risida”gi qonuniga ko`ra, respublika byudjetidan ob`ektlarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun 10 trillion so`mga yaqin mablag` yo`naltirilishi ko`zda tutilgan.
2023 yil davomida ro`yxatdan o`tgan qurilish ob`ektlarida 56 ming marotaba nazorat ishlari amalga oshirilgan. Hududiy qurilish nazorati inspeksiyalari tomonidan nazorat tadbirlari davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan 52 mingta yozma ko`rsatmalar berilib, 36 mingtasi bartaraf etilgan.
Qurilishda aniqlangan qonunbuzilishlar natijasida 5 mingdan ortiq mansabdor shaxslarga nisbatan ma`muriy choralar qo`llanilgan. 1 ming 257 ta ob`ektda qurilish-montaj ishlari to`xtatilib, shundan 395 tasida buzdirish ishlari olib borilgan.
Mazkur raqam va ma`lumotlar “OʻzLiDeP PRESS KLUBI”ning qurilish sohasi muhokamalariga bag`ishlangan sessiyasida aytib o`tilgan edi.
Ta`kidlash joizki, respublikamiz bo`yicha qurilish ob`ektlari soni kundan-kunga ko`payib bormoqda. Bugungi kunda qurilishlarning sifati va xavfsizligini ta`minlash eng dolzarb va ustuvor vazifalardan biridir.
Tahlillarga ko`ra, qurilish ishlari hajmining oshib borishi natijasida qonunbuzilishlarning oldini olish, sifatli ob`ektlarni barpo etish, qurilgan binolarning insonlar uchun xavfsiz bo`lishini ta`minlash masalalari tobora dolzarblashib boradi. Bu borada esa jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, qurilishlarning sifati va xavfsizligini ta`minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim bo`ladi.






