AsosiyJamiyat

Bloger Otabek Sattoriyning qachon ozodlikka chiqishi ma`lum qilindi

'Bloger Otabek Sattoriyning qachon ozodlikka chiqishi ma`lum qilindi'ning rasmi

Surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy tez orada ozodlikka chiqishi mumkin. Bu haqda O`zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati faoli Abdurahmon Tashanov o`zining Facebook'dagi sahifasida ma`lum qildi. 

Jamiyat axborot xizmatining bildirishicha, Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish departamenti Abdurahmon Tashanovning ikki mahkum — Dauletmurat Tojimuratov hamda bloger Otabek Sattoriy bilan uchrashuviga imkoniyat yaratib bergan. 

Jamiyatimiz faoli Abdurahmon Tashanov shu yilning 12 yanvar kuni Navoiyda Dauletmurat Tojimuratov, 13 yanvarda esa Qarshida bloger Otabek Sattoriy bilan uchrashdi. Tashanovga ko`ra, ikki mahkumning ham sog`lig`i bilan bog`liq holatdan e`tirozi yo`q. Ular o`zlariga nisbatan chiqarilgan sud hukmlaridan norozi, kelgusida o`zlarining haq-huquqlari uchun kurashni davom ettirishmoqchi.  

Qarshidagi manzil koloniyada bloger Otabek Sattoriy bilan uchrashuv juda yaxshi o`tdi. Otabek avvalo o`zini qo`llab-quvvatlagan barchaga minnatdorchilik bildirdi. Koloniya boshlig`ining ta`kidicha, aprel oxiri, mayning boshlarida u ozodlikka chiqadi. Tikuv sexida ishlamoqda.

Otabekning ta`kidicha, o`ziga chiqarilgan sud hukmi bo`yicha qayta shikoyat qilish niyati yo`q. Tinchgina axborot texnologiyalari sohasida ishlamoqchi. O`zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoevni yuksak salohiyatli lider, deb biladi va unga xizmat qilishdan o`zidan faxr tuyadi. Tashanov esa uni jazo muddati bitgach, o`zini oqlashga urinishga chaqirgan, — deyiladi jamiyat axborot xizmati tarqatgan ma`lumotda.

Eslatib o`tamiz, 2021 yil 10 may kuni jinoyat ishlari bo`yicha Muzrabot tuman sudida Otabek Sattoriy (1980 yilda Termiz shahrida tug`ilgan, blogerlik faoliyati bilan shug`ullanadi, muqaddam sudlanmagan) ga nisbatan sud hukmi o`qilgan. Unga Jinoyat kodeksining bir nechta moddasi bilan uzil-kesil 6,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi.

    Boshqa yangiliklar