AsosiyJamiyat

O`zbekistonda Pekin universiteti filiali ochilishi mumkin

'O`zbekistonda Pekin universiteti filiali ochilishi mumkin'ning rasmi

21 yanvar kuni Xitoy safarida bo`lib turgan Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirining birinchi o`rinbosari Komiljon Karimov Pekin Universiteti Kengashi raisi Xao Ping bilan uchrashdi.

Xitoyning eng qadimgi universitetlaridan biri bo`lgan, dunyoning etakchi 20 ta oliy ta`lim muassasalari qatoridan joy olgan Pekin universiteti bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlash va kengaytirish ikki tomon muzokaralarining bosh mavzusi bo`ldi. K. Karimov mamlakatda so`nggi olti yilda olib borilayotgan islohotlar natijasida xorijiy OTMlarning O`zbekistondagi filiallari soni 30 dan oshgani va bu amaliyot o`z ijobiy natijalarini berib, sifatli kadrlar etishtirishga xizmat qilayotganini ta`kidladi. Shu o`rinda Pekin universitetining filialini respublikada ochish taklifini ilgari surdi.

Xao Ping, o`z navbatida, Pekin universitetining xorijiy davlatlarda hozirgacha birorta filiali mavjud emasligini ta`kidlagan holda, bu amaliyotni O`zbekistonda joriy etish imkoniyatlari haqida so`z yuritdi. O`z navbatida u o`zbek matematika maktabining dunyo ilmiy jamoatchiligi orasida katta nufuzga ega ekanini inobatga olgan holda, O`zbekiston-Xitoy Xalqaro Markaziy Osiyo matematika markazini tashkil etish taklifini berdi. Shuningdek, iqtisodiyotning real sektoridagi kadrlar etishmovchiligini inobatga olib, O`zbekiston-Xitoy muhandislik maktabini ochish ham ikki davlat iqtisodiyotini rivojlantirishiga xizmat qilishini qayd etdi.

Komiljon Karimov mezbon tarafning takliflarini ma`qullagan holda Pekin universiteti qoshida O`zbek tili markazini tashkil etish bo`yicha o`z fikrlarini bayon etdi. Mazkur markazga o`zbek filolog-olimlari, pedagog-mutaxassislarni taklif etish, markazga uslubiy yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar hamkorlikni rivojlantirish masalasida hamfikr ekanliklarini mamnuniyat bilan qayd etib, o`zaro manfaatli loyihalarni birgalikda amalga oshirishga kelishdilar.

 

    Boshqa yangiliklar