Kuni kecha Bojxona qo`mitasi xodimi S.R. hibsga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Qo`mita rahbariyati bu bo`yicha zudlik bilan rasmiy bayonot berib chiqibdi.
Ma`lum qilinishicha, sobiq bojxonachi S.R. tadbirkorlik sub`ektlari bilan jinoiy til biriktirib, 145 mlrd so`m miqdoridagi pul mablag`larini o`zlashtirmoqchi bo`lgan. Biroq Qo`mitaning tezkor tuzilmalari sayi harakatlari natijasida buning oldi olingan.
Ta`kidlanishicha, Bojxona qo`mitasi Raisining maxsus topshirig`iga ko`ra, tizimda turli qonunbuzilishi holatlari, shu jumladan, korrupsion ko`rinishidagi jinoyatlarni sodir qilishga urinayotgan bojxona xodimlarini aniqlash va ularga nisbatan keskin choralar ko`rish bo`yicha murosasiz kurash olib borilmoqda.
Yuqoridagi noqonuniy holat ham aynan Qo`mita raisining topshirig`iga ko`ra, maxsus tezkor tuzilmalar tomonidan aniqlangan.
"Bunda sug`urta tashkiloti vakili va o`ndan ortiq importyorlar bilan jinoiy til biriktirib, 2018-2023 yillar davomida o`ziga tegishli bo`lgan sug`urta tashkilotining polislaridan ta`minlov sifatida foydalanish orqali bojxona to`lovlarini kechiktirib to`lash imkoniyatiga ega bo`lgan.
Maxsus guruh tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida, ushbu murakkab jinoiy sxemaga aloqador bo`lgan shaxslar aniqlanib, tegishli prosessual hujjatlar rasmiylashtirilgan va umumiy hisobda jami 143,8 mlrd. so`m bojxona to`lovlarini to`lashdan bo`yin tovlash holati bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Mazkur importyorlarga bojxona to`lovlarini kechiktirib to`lash imkoniyatini suiste`mol qilishlariga sharoit yaratib berganligi uchun bojxona xodimi S.R. bojxona organlaridan bo`shatilgan va to`plangan hujjatlar tergov organiga topshirilgan.
Hozirda, jinoyat ishi doirasida bojxona to`lovlarini to`lashdan bo`yin tovlab yurgan korxona vakillarining aksariyati qo`lga olingan bo`lib, tergov jarayonlari davom etayotganligi sababli Bojxona qo`mitasi keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalaridan holatni to`g`ri va xolis yoritilishini so`raydi", - deyiladi bayonotda.






