Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan IIB JQB va Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda Samarqand shahridagi “Siyob dehqon bozori" MChJ oldida tezkor tadbir o`tkazildi. Bu haqda Departament Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unda fuqarolar S.Q., R.A. va U.I. o`zaro til biriktirib, hech qanday hujjatsiz 55 xil turdagi 3 472 quti tamaki mahsulotini sotayotganliklari aniqlanib, ushbu mahsulotlarning “yama”sini aniqlash maqsadida davom etgan tadbirda “Sh.” savdo majmuasining omborxonasidan 34 xil turdagi yana 19 280 quti, tadbir yakuni bo`yicha umumiy bahosi 323,3 mln so`mlik tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shu kabi, Departamentning Farg`ona viloyat boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirlarda tamaki mahsulotlari savdosi bilan noqonuniy shug`ullanib kelgan M.O.ning Farg`ona tumani “B.” MFY hududidagi xonadonidan 7 500 quti va “Changan” rusumli avtotransport vositasidan 7 480 quti “Milano London” nomli jami 14 980 quti aksiz markasiz tamaki mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olingan.
Xuddi shunday, “Marg`ilon umumiy ulgurji savdo kompleksi” oldida tamaki mahsulotlari savdosi bilan shug`ullanib kelgan M.O. xaridor M.X.ga “Milano” nomli tamaki mahsulotini sotayotgan vaqtida ushlanib, uning yonidan 9 xil turdagi jami 3 171 quti aksiz markasiz tamaki mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






