Havo haroratining keskin pasayishi munosabati bilan butun mamlakat bo`yicha tabiiy va suyultirilgan gazni etkazib berishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Tizimni barqaror ishlashini ta`minlash maqsadida "Hududgazta`minot" AJ mutaxassislari 24 soatlik rejimda ish olib borishmoqda va yuzaga kelgan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etishmoqda.
Hozirgi vaqtda tabiiy gaz iste`molchilariga “zangori yoqilg`i” to`liq hajmda etkazib berilyapti, etishmovchilik kuzatilmayapti. Biroq ayrim joylarda iste`mol ortgani sababli gaz bosimi pasayishi yuzasidan murojaatlar kelib tushmoqda. Olis hududlarga suyultirilgan gaz to`liq hajmda va mahalliy hokimiyat tomonidan tasdiqlangan grafik asosida etkazilyapti. Hududlarda avariya holatlari ro`y berganda, mutaxassislar joyiga chiqib ularni bartaraf etishmoqda.
Aytib o`tish kerakki, havo haroratining pasayishi bilan aholi va ijtimoiy soha ob`ektlari tomonidan tabiiy gazga bo`lgan ehtiyoj ham oshmoqda. Xususan, 1 dekabr kuni havo harorati o`rtacha 10–15 daraja issiqni tashkil qilgan bo`lsa, iste`molchilarga jami 85,6 mln kub metr, shu jumladan, aholiga 49,1 mln, issiqlik manbai korxonalariga 5 mln, AGTKShlarga 12,8 mln va ulgurjiga 18,5 mln kub metr tabiiy gaz etkazib berilgan. 12 dekabr kuni havo harorati o`rtacha 10–22 daraja sovuqni tashkil etdi, iste`molchilarga jami etkazib berilgan gaz hajmi 110,3 mln kub metrni tashkil qildi yoki 29 foizga oshgan, shu jumladan aholiga 78,5 mln yoki qo`shimcha 29,4 mln – 60 foizga ko`p, issiqlik manbaiga 6,4 mln yoki 1,4 mln – 28 foiz ko`p, AGTKShlarga 6,1 mln yoki 6,7 mln kam va ulgurjiga 18,4 mln kub metr tabiiy gaz etkazib berildi.
Muammolar kuzatilgan joylarda gaz ta`minotini yaxshilash borasida soha mutaxassislari tomonidan barcha kerakli ishlar davom ettirilmoqda. Jumladan, avariya-tiklash jarayonlari tezkorlik bilan olib borilmoqda.
Avariya xizmati xodimlari va avariyalarni bartaraf etish uchun zarur texnika va ehtiyot qismlar zaxirasi shakllantirilib, shay holatga keltirildi hamda «Sall» markazlar faoliyati yanada kuchaytirildi.
Tungi smenalardagi 262 ta brigadalar (818 nafar xodim) va 567 ta gaz payvandlash apparatlari shay holatga keltirildi, 33,0 km gaz quvurlari, 4,3 ming dona zulfin va jo`mraklar, 547 ta manometr hamda 5,9 tonna karbid, 2,4 tonna elektrod va 2,1 tonna moylash materiallari zaxirasi yaratildi.
12 dekabr kuni yuzaga kelgan avariyalar:
Navoiy viloyati «Sho`rtepa» MFYdagi o`rta bosimli gaz quvurida gaz sizib chiqishi holati aniqlandi. “Hududgaz Navoiy” gaz ta`minoti filiali xodimlari tomonidan avariya holati bartaraf etildi va iste`molchilarga gaz ta`minoti qayta tiklandi.
Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidagi “Yangi hayot” GTSda o`rta bosimli er osti gaz quvurida gaz sizib chiqishi holati qayd etildi. “Hududgaz Jizzax” gaz ta`minoti filiali mutaxassislari avariya holatini darhol bartaraf etishdi hamda iste`molchilar uchun gaz ta`minotini qayta tiklashdi.
Sirdaryo viloyatining Xovos tumani Xovosobod MFYdagi yuqori bosimli gaz quvurida payvand choki yorilishi natijasida gaz sizib chiqishi kuzatildi. “Hududgaz Sirdaryo” gaz ta`minoti filiali mutaxassislari tomonidan avariya holati bartaraf etildi.
Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi 6-mitti tuman hududidagi yuqori bosimli gaz quvurida gaz sizib chiqish holati kuzatildi. “Hududgaz Qashqadaryo” gaz ta`minoti filiali xodimlari ta`mirlash ishlarini olib borishdi va tez fursatda iste`molchilar uchun gaz ta`minotini qayta tiklashdi.
Andijon viloyatining Ulug`nor tumani Yangiobod MFYdagi yuqori bosimli gaz quvurida avariya holati kuzatildi. Mazkur holat “Hududgaz Andijon” gaz ta`minoti filiali mutaxassislari tomonidan bartaraf etildi.
Buxoro viloyatining Vobkent tumanida Qo`qin, Guliston, Arabxona, Shoxnigor, Shirin, Chorbog`kent, Panob va Hajuvon MFYlarini tabiiy gaz bilan ta`minlovchi o`rta bosimli gaz quvurida avariya holati kuzatildi. “Hududgaz Buxoro” gaz ta`minoti filiali mutaxassislari tez fursatda muammoni bartaraf etildi.
Shuningdek, Buxoro shahrining Gulchorbog` va Qalqon MFYlarini tabiiy gaz bilan ta`minlovchi o`rta bosimli gaz quvurida nosozlik kuzatilgani sabab, 700 iste`molchiga vaqtincha gaz ta`minoti to`xtatildi. Xodimlar tomonidan ta`mirlash ishlari olib borildi. Gaz ta`minoti qayta tiklandi.
Aholi iste`molchilarida uzilishlarni oldini olish maqsadida bugun poytaxt, Samarqand, Toshkent, Andijon, Namangan va Farg`ona viloyatlaridagi AGTKShlarning faoliyatida qo`shimcha cheklovlar kiritildi. Hozirgi vaqtda belgilangan grafik bo`yicha 1179 tadan 547 AGTKSh ish faoliyatida.
«Hududgazta`minot» AJ fuqarolardan gaz jihozlaridan faqat birlamchi zaruriyatlar uchun foydalanishni, uydan chiqib ketayotganda imkon qadar isitish jihozlarini o`chirishni so`raydi.
Fursatdan foydalanib, «Hududgazta`minot» AJ tabiiy gazni uzluksiz etkazib berish uchun to`lovni o`z vaqtida amalga oshirish zarurligini eslatib o`tadi. To`lovlarni tuman gaz ta`minoti bo`limlari va bank filiallarida, shuningdek, barcha to`lov tizimlarining mobil ilovalari orqali 24/7 rejimida amalga oshirish mumkin.
«Hududgazta`minot» AJ tizimi mutaxassislari barcha takliflar, shikoyatlar va murojaatlarni 1104 telefon raqami orqali, gaz sizib chiqishi holatlari, favqulodda vaziyatlarni va boshqa texnik muammolarni bartaraf etish bo`yicha arizalarni 104 raqami orqali qabul qiladilar", - deyiladi xabarda.






