Namanganda bolalarning yod preparatidan zaharlanish voqeasi bo`yicha olib borilayotgan tergov ishida 3 nafar olima shifokor ayol ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abilov ma`lum qildi.
Ayollarning ikki nafari Yo.X.To`raqulov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida, bir nafari Sog`liqni saqlash vazirligida faoliyat olib borgan
Joriy yilning 7 noyabr kuni jinoyat ishlari bo`yicha Yashnobod tuman sudida Bosh prokuror o`rinbosarining Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi, 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste`mol qilish) 2-qismi “a” bandi va 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinuvchilar va Jinoyat-prosessual kodeksining 221-moddasi (ushlab turish asoslari) tartibida ushlangan N. A. (ayol, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy markazi laboratoriya mudiri, katta ilmiy xodim xodim, Sog`liqni saqlash vazirligi Bolalar bosh endokrinologi, bosh mutaxassisi), F. X. (ayol, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy markazi direktorining davolash ishlari bo`yicha o`rinbosari – bosh shifokori, Sog`liqni saqlash vazirligi Bosh endokrinologi, bosh mutaxassisi) hamda 16 noyabr kuni Bosh prokuror o`rinbosarining Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi, 205-moddasi 2-qismi “a” bandi va 257-1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinuvchi va Jinoyat-prosessual kodeksining 227-moddasi (surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning qaroriga binoan ushlab turish) tartibida ushlangan X. G. (ayol, Sog`liqni saqlash vazirligi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va jihozlar muomalasini tartibga solish va muruvvat yordamini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig`i lavozimida ishlagan) ga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo`llash to`g`risidagi iltimosnomalari taqdim etilgan hujjatlar bilan ko`rib chiqildi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Yashnobod tuman sudining 2023 yil 7 va 16 noyabr kunlaridagi ajrimlari bilan Bosh prokuror o`rinbosarining iltimosnomalari qanoatlantirilib, gumon qilinuvchilar N. A., F. X. va X. G. ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilib, qamoqqa olinishi va tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilandi.






