Diplomatik manbalar Turkiyada hozirda birorta ham isroillik diplomat yo`qligini bildirdi.
Bu haqda Isroil tashqi ishlar vaziri Eli Koenning diplomatlarini Turkiyadan chaqirib olish haqidagi bayonotiga izoh berar ekan, diplomatik manbalar ma`lum qilgan.
“Hozirda Turkiyada birorta ham isroillik diplomat yo`q. Ular 19 oktyabrda mamlakatni tark etgan edi. 18 oktyabr kuni vazirligimizga yuborgan notada so`nggi voqealardan kelib chiqib, elchixona diplomatlari 19 oktyabrdan boshlab Turkiyani tark etishi aytilgan”, — dedi manba.
“Koen kimga buyruq berganini tushunish qiyin. Chunki u gapirayotgan diplomatlar allaqachon mamlakatimizni tark etib bo`lgan”, — deya qo`shimcha qildi manba.
Isroil diplomatlari, jumladan Isroilning Anqaradagi elchisi Irit Lilian 19 oktyabr kuni “xavfsizlik” sababli Turkiyani tark etishga qaror qilgan.
Eslatib o`tamiz, Isroil TIV rahbari ikki tomonlama munosabatlarni qayta ko`rib chiqish uchun Turkiyadan diplomatlarni chaqirib olayotganini ma`lum qilgan edi.






