Rossiya harbiylari Donesk viloyatining Konstantinovka shahridagi bozorga aviazarba berdi. Hujum oqibatida kamida 16 kishi halok bo`ldi. Bu haqda Meduza xabar berdi.
Rossiya kuchlari hujum payti qanday quroldan foydalangani aniqlashtirilmoqda. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy qurbonlar va jarohatlanganlar soni ortishi mumkinligini aytmoqda.
“Hozirgi vaqtda rossiyalik terrorchilar artilleriyasi Donesk viloyatining Konstantinovka shahrida 16 kishini o`ldirdi. Oddiy bozor. Do`konlar. Dorixona. Aybi yo`q odamlar. Yaralanganlar soni ko`p. Afsuski, halok bo`lganlar va jarohatlanganlar soni hali ham ortishi mumkin”, — dedi Zelenskiy o`zining Telegram-kanalidagi murojaatida.
So`nggi ma`lumotga ko`ra, hujum oqibatida 16 kishi halok bo`lgan, 28 kishi yaralangan. Jarohatlanganlar orasida qutqaruvchi ham bor. Hozirgacha 300 kvadrat metr maydonda yong`in o`chirilgan. 30 ga yaqin savdo pavilonlari shikastlangan.






