AsosiyJamiyat

Toshkent metrosi yo`nalishlarida qatnov intervali tig`iz vaqtlarda qisqartirildi

'Toshkent metrosi yo`nalishlarida qatnov intervali tig`iz vaqtlarda qisqartirildi'ning rasmi

Joriy yilning sentyabr oyidan ta`lim muassasalarida o`quv jarayonlari boshlanganidan so`ng metropolitendan foydalanuvchi yo`lovchilar soni birinchi o`quv kunida qariyb 520 mingni tashkil etdi. Bu esa o`tgan avgust oyining kunlik yo`lovchilar soniga nisbatan 180 ming (53%) yo`lovchiga ko`p deganidir. Bu haqda Toshkent metropoliteni matbuot xizmati xabar qilmoqda. 

Qayd etilishicha, ushbu vaziyat metropolitenda ishlovchilardan qo`shimcha mas`uliyat va javobgarlikni talab qiladi.

Shu sababli, yo`lovchilar oqimini nazoratga olish, xizmat sifatini oshirish maqsadida, metropolitenning yo`nalishlarida qatnov intervali tig`iz vaqtlarda qisqartirildi.

Jumladan:

Chilonzor yo`nalishi - 1.5-2 daqiqa;

O`zbekiston yo`nalishi - 3-4 daqiqa;

Yunusobod yo`nalishi - 5 daqiqa;

Er usti halqa metro yo`nalishi - 7-8 daqiqa etib belgilandi.

"Shuningdek, bu borada yo`lovchilar ham metropolitendan foydalanish qoidalariga amal qilishlarini so`raymiz. Harakatlanish vaqtida yo`lovchilarga poezdning bosh hamda so`ngi vagonlari bilan bir qatorda o`rta vagonlaridan ham teng foydalanishlari vagon ichidagi tirbandliklarni kamayishida asosiy turtki bo`lib xizmat qilishini ham ta`kidlab o`tamiz.

Shu bilan birgalikda vagon ichidagi yo`lovchilar chiqib ketguniga qadar kirish uchun vagon eshiklari oldida turmaslik, manzilga kelgach poezdan chiqish uchun imkon qadar tezroq harakat qilish, vagon eshiklariga suyanmaslik, shaxsiy buyumlarni vagon va metro hududida qoldirmaslik talab etiladi.

Bularning barchasi oraliq intervallarining reja asosida amalga oshirilishini ta`minlashga ijobiy ta`sir ko`rsatadi.

Shuni alohida ta`kidlash joizki, metrodan doimiy tarzda foydalanuvchi yo`lovchilar to`lovni bank va transport kartalari orqali amalga oshirishsa, o`z vaqtlarini tejashlari hamda kassa oldidagi tirbandlikni maksimal darajada kamaytirishiga zamin yaratadi.

Yuqoridagi qoidalarga amal qilib, yo`lovchilarga xavfsiz va madaniyatli xizmat ko`rsatishda o`z hissangizni qo`shasiz degan umiddamiz", - deyiladi rasmiy murojaatda. 

    Boshqa yangiliklar