“O`zsuvta`minot”, “O`zog`irsanoatloyiha” va “ToshuyjoyLITI” AJ aksiyalarini boshqarish vakolati Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligiga o`tkazildi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi ma`lum qildi.
“Ma`muriy islohotlar doirasida qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi prezident farmoniga muvofiq, Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vazirligi faoliyatining 8 ta ustuvor yo`nalishi belgilab berildi.
Shuningdek, vazirlik tizimidagi tashkilotlarni qayta tashkil qilish dasturi ham tasdiqlandi. Unga ko`ra, Qurilish vazirligi faoliyatini rivojlantirish jamg`armasi va Uy-joy kommunal xo`jaligi vazirligini rivojlantirish jamg`armasi birlashtirilib, yagona jamg`armaga aylantirildi.
“O`zsuvta`minot”, “O`zog`irsanoatloyiha” va “ToshuyjoyLITI” AJ aksiyalarini boshqarish vakolati Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligiga o`tkazildi.
Arxitektura, loyiha faoliyati va qurilish nazorati mutaxassislarini 10 ta faoliyat yo`nalishi bo`yicha sertifikatlash tizimi joriy qilinmoqda.
Bundan tashqari, Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi huzurida aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo`yicha buyurtmachi funksiyasini bajaradigan hamda Davlat shaharsozlik kadastrini va Shaharsozlik geoaxborot tizimini yuritadigan Urbanizasiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish Respublika markazi faoliyati yo`lga qo`yilmoqda. Shuningdek, arxitektura, qurilish, muhandislik va kommunal xo`jaligi sohalarida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda ularni baholash bo`yicha ixtisoslashgan davlat oliy ta`lim muassasasi, ya`ni Kompetensiyani rivojlantirish instituti tashkil etilmoqda.






