25 avgust kuni Jizzax viloyatining Zomin tumanida barpo etilayotgan “Zomin” turistik-rekreasion zonasida hududdagi ilk dor yo`li loyihasi foydalanishga topshirildi.
“Zomin” TRZ hududida zamonaviy dor yo`li va ko`p qavatli avtoturargohlar qurilish ishlari boshlandi. Er uchastkasining maydoni 2 gektardan iborat bo`lib, loyihaning qurilish-montaj ishlari qiymati 133,3 mlrd. so`mni tashkil etdi.
2022 yil iyun oyida Shveysariyaning mashhur kompaniyasi “Bartolet AG” bilan dor yo`li uchun uskunalar etkazib berish va montaj ishlari uchun jami qiymati 6,72 mln. evro bo`lgan shartnoma imzolandi.
Zomin tumani Duoba qishlog`ida barpo etilgan “Dor yo`li” majmuasining “Zomin” osma dor yo`li 12 ta minorali 11 dona ustundan tashkil topgan. Xususan, 11-minoraning balandligi 35 metr bo`lib, 8- va 9-ustunlar orasidagi eng katta masofa 615 metrdan iborat. Dor yo`lining eng katta qiyaligi 42 gradusni tashkil etadi. Dor yo`lining uzunligi 2102 metrdan iborat bo`lib, mijozlarni tashish uchun zamonaviy dizayndagi 36 ta kabina sayyohlar xizmatiga shay. Maksimal harakatlanish tezligi esa 6 metr sekundgachani tashkil etadi. Harakatlanish chog`ida kabinalar orasidagi masofa 141 metr bo`lib, soatiga 1200 nafar sayyohga xizmat ko`rsatish imkoniga ega.
Ta`kidlash kerak, quyi stansiyaning dengiz sathidan balandligi 1961,1 metr, yuqori stansiyasi esa 2490,6 metr. Stansiyalar o`rtasida balandlikning farqi esa 529,5 metr.
“Zomin” turistik-rekreasion zonada umumiy qiymati 456 milliard so`mlik to`rtta loyihaning ish jarayonlari davom etmoqda. Jumladan, ko`p qavatli avtoturargoh, zamonaviy restoran, osma ko`priklar, bitta zamonaviy sog`lomlashtirish markazi loyihalari amalga oshirilmoqda. Loyihalardan 133,3 mlrd. so`mlik zamonaviy dor yo`li (kanat) bugun foydalanishga topshirildi.






