AsosiyJamiyat

O`zbekiston maktablarida “Birinchi qo`ng`iroq” tadbirlarini o`tkazish bo`yicha tavsiyalar berildi

'O`zbekiston maktablarida “Birinchi qo`ng`iroq” tadbirlarini o`tkazish bo`yicha tavsiyalar berildi'ning rasmi

Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi 2023/2024 o`quv yili boshlanishi munosabati bilan bog`chalarda “Salom, bog`cha”, maktablarda “Birinchi qo`ng`iroq”, “Mustaqillik darsi” tadbirlarini o`tkazish bo`yicha tavsiyalar berildi.

Unga ko`ra, maktablarda 4 sentyabr kuni soat 8:00 da “Birinchi qo`ng`iroq” tadbirlari “Yangi hayot uchun, yangi O`zbekiston uchun” shiori ostida o`tkaziladi.

O`quvchilar xavfsizligini ta`minlash maqsadida tadbirni 1 va 11-sinf o`quvchilari ishtirokida o`tkazish, maktabdagi o`quvchilar soni va tadbir o`tkazish joyi hisobga olinib, qolgan sinf o`quvchilarini tadbirga jalb etish lozim.

Tadbir maktab hovlisi, bog`i, soya-salqin ochiq maydonlarda o`tkazilishi, o`quvchilar xavfsizligi ta`minlanib, maktab hududiga avtotransport vositalari kiritilmaslik choralari ko`rilishi kerak.

Tadbir ishtirokchilari, ayniqsa, 1-sinf o`quvchilarini charchatib qo`ymaslik maqsadida tadbir davomiyligi 45 daqiqadan ortiq bo`lmasligi tavsiya etiladi.

1-sinf o`quvchilariga “Prezident sovg`asi” mahalliy hokimliklar, o`zini o`zi boshqarish organlari, ota-onalar ishtirokida topshiriladi.

“Birinchi qo`ng`iroq” chiroyli, ko`tarinki ruhda, bayramona o`tkazilishida joylardagi mahalliy hokimliklar, o`zini o`zi boshqarish organlari, ota-onalar, kasaba uyushmasi, mahalla va hamkor tashkilot vakillari jalb etilishi mumkin.

4—5 sentyabr kunlari maktabgacha ta`lim tashkilotlarida “O`zbekiston — mening Vatanim” mavzusida ochiq mashg`ulotlar tashkil etiladi.

“Mustaqillik darsi” mehnat faxriylari, faxriy o`qituvchilar, davlat mukofotiga sazovor bo`lganlar va taniqli sportchilar ishtirokida tashkil etish tavsiya etiladi.

    Boshqa yangiliklar