Ijtimoiy tarmoqlarda Yakkasaroy tumanidagi 160-sonli umumta`lim maktabida tekshiruvchilar o`qituvchilar va direktorga asossiz ayblovlar qo`yishi oqibatida janjal yuzaga kelgani aytilgan video tarqaldi.
Holatga Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta`limi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Ma`lum qilinishicha, so`nggi paytlarda 160-sonli umumta`lim maktabi ma`muriyati faoliyati yuzasidan e`tiroz va shikoyatlar ko`paygan. Shu shikoyatlar bo`yicha Toshkent shahar hamda Yakkasaroy tumani prokuraturasi tomonidan o`rganishlar olib borilgan. O`rganish va surishtiruv bo`yicha tegishli hujjatlar yakuniy xulosa uchun huquq-tartibot idoralariga taqdim etilgan.
“Videolavhada aks etgan holatning maktab ma`muriyati va o`qituvchilariga umuman aloqasi yo`qligini ma`lum qilamiz. Unda o`quvchining buvisi hamda o`qituvchi o`rtasidagi muloqot aks etgan, xolos”, — deyiladi munosabatda.
Ta`kidlanishicha, hozirda Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta`limi boshqarmasi 160-maktabdagi vaziyatni to`liq o`z nazoratiga olgan.






