AsosiyJamiyat

Toshkentda tirbandlikni kamaytirish uchun metro bekatlari yonida avtoturargohlar barpo etiladi

'Toshkentda tirbandlikni kamaytirish uchun metro bekatlari yonida avtoturargohlar barpo etiladi'ning rasmi

Shaharda tirbandlikni kamaytirish uchun Toshkent metropolitenining oxirgi va serqatnov bekatlari yonida avtoturargohlar barpo etish rejalashtirilgan. Bu haqda prezident huzurida mas`ullar Ishtirokida o`tkazilgan loyihalar taqdimotida ma`lum qilindi.

Maqsad – odamlar shaxsiy avtomobilini shu erda qoldirib, shahar ichkarisiga jamoat transportida borishiga sharoit yaratish.

Shuningdek, taqdimot davomida mamlakatimizda energetika quvvatlarini oshirish masalasiga e`tibor qaratildi. Jumladan, poytaxtimizda elektr energiyasi tarmoqlarining favqulodda holatlarga bardoshliligini mustahkamlash hamda muqobil energiya manbalarini integrasiya qilish choralari ko`rilmoqda. 

Qayta tiklanuvchi energiya tarmog`ida jami quvvati 13 ming 777 megavattlik 33 ta loyiha ishlab chiqilgan. Shu bilan birga, elektr energiyasi infratuzilmasini takomillashtirish va ob-havo sharoitlariga chidamliligini oshirish, zaxira quvvatlar hosil qilish, iste`molni aqlli boshqarish bo`yicha ish olib borilmoqda. 

Taqdimotda Toshkent shahrida sanoatni rivojlantirish ko`rsatkichlari va rejalari to`g`risida ham axborot berildi. 

Bugungi kunda poytaxtimiz iqtisodiyotining 34 foizdan ziyodi sanoat hissasiga to`g`ri keladi. O`tgan yili 110 trillion so`mlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Ayniqsa, oziq-ovqat, metallurgiya, to`qimachilik tarmoqlarida o`sish yuqori bo`lgan.

Bu sohadagi imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida “Yangihayot” industrial texnoparkini klaster tizimiga o`tkazish taklifi bildirildi. Uning maydoni 500 gektar bo`lishi, 810 ta korxona joylashtirilishi va 100 mingta ish o`rni yaratilishi mo`ljallangan. Klaster tizimi yo`lga qo`yilishi natijasida ishlab chiqarish sifati oshib, transport xarajatlari va tannarxni kamaytirishga erishiladi.

    Boshqa yangiliklar