mandat.uzbmb.uz saytidagi ochiq ma`lumotlarga ko`ra, joriy yilda 888 ming 472 nafar abiturient testga kirgan.
Xushnudbek Xudoyberdievning tahlillariga ko`ra, 439 ming 337 nafar (49,4%) abiturient o`tish balining eng quyi chegarasi bo`lgan 56,7 balni ham to`play olmagan. Demak, ular mandat chiqmasidan avval kurashdan chiqdi. Chunki 56,7 balldan kam to`plaganlar kvotada joy bo`lsa ham o`qishga kira olmaydi", deydi bloger.
56,7 dan ko`p ball to`plagan abiturientlar soni 449 ming nafarni (50,6%) tashkil qiladi.
Bu ko`rsatkich o`tgan yil bilan solishtirganda biroz yaxshilangan. O`tgan yili 51,2% foiz, ya`ni 550 ming abiturient 56,7 ball ham to`play olmagan. Joriy yilda bu ko`rsatkich 49,4% ga tushgan.
2023 yilda eng yomon ko`rsatkich, Sirdaro viloyatida (54,9%), nisbatan yaxshiroq natija esa xuddi o`tgan yildagidek Toshkent shahrida (40,8%) qayd etilgan (yuqoridagi jadvalga qarang).
8 ta hududda abiturientlarning 50 foizdan ko`prog`i 56,7 balldan past ball olgan. O`tgan yili 9 ta hudud edi, joriy yil Namangan viloyati natijani yaxshilab, 50% likdan pastga tushgan.
O`tgan yilga qaraganda natijasini eng ko`p yaxshilagan 5 ta hudud:
- ️ Toshkent shahri — 4,4%
- ️ Buxoro — 4,4%
- ️ Toshkent viloyati — 3,5%
- ️ Namangan — 3,3%
- ️ Farg`ona — 2,4%
Sirdaryo va Andijon viloyatida esa natija o`tgan yilgiga qaraganda yomonlashgan.
"56,7 ball — bu to`plash mumkin bo`lgan eng yuqori 189 balning 30%i degani. Ya`ni abiturient hech bo`lmasa 30% bilimga ega bo`lsa, ushbu ko`rsatkichni to`play oladi. 30% bilim esa reyting tizimidan qiyos olsak, hatto 2 baho ham emas! 1 baho desak to`g`ri bo`lar balki" deb ta`kidlaydi Xushnudbek.






