Ijtimoiy tarmoq sahifalarida Mirobod tumanidagi 158-sonli umumta`lim maktabi sobiq psixologi Gasanov Azad Eldarovichning o`quvchi qizlarga tegajog`lik qilgani uchun 2022 yil 19 avgustda Jinoiy ishlari bo`yicha Mirobod sudi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 129-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, 2 yilga ozodlikdan mahrum etilgani, ammo u muddatidan avval — 1 yil 3 oy 10 kunda qamoqdan ozod qilinib, yana pedagogika sohasida ishlamoqchi ekanligi haqida xabarlar tarqaldi.
Yuqoridagi xabar yuzasidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta`limi boshqarmasi ma`lumot taqdim etdi.
Ma`lum qilinishicha, 2022 yil 7 aprelda Gasanov A.E. Mehnat kodeksining 100-moddasi, 4-qism, 2-bandi bilan Mirobod tumanidagi 158-sonli maktab psixologi vazifasidan ozod etilgan.
"Ayni paytda mazkur ta`lim muassasasida uch nafar malakali psixolog faoliyat ko`rsatmoqda. Gasanov A. ning keyingi taqdiri haqida birorta ma`lumot mavjud emasligi va uning hozirda poytaxtimizdagi umumta`lim muassasalarida faoliyat ko`rsatmayotganligini bildiramiz", - deyiladi Toshkent shahar MMTB Matbuot xizmati xabarida.






