Bugun Toshkent shahar sudida S. R. P. (erkak, 1972 yilda Hindiston Respublikasida tug`ilgan, “Quramax Medikal” MChJ direktori), S. K. (erkak, 1982 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan, bir vaqtda Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi direktori va uning huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori lavozimlarida ishlagan) va boshqalarga (jami 21 kishi: “Quramax Medikal” MChJ va “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK mas`ul xodimlari) oid jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha ochiq sud jarayoni boshlandi.
Oliy sud matbuot xizmati xabariga ko`ra, sudlanuvchilarning 16 nafari erkak va 5 nafari ayol bo`lib, ularning 7 tasiga “qamoqqa olish”, 12 tasiga “munosib xulq-atvorda bo`lish to`g`risida tilxat” va 2 tasiga “garov” tarzidagi ehtiyot choralari qo`llanilgan.
Ular Jinoyat kodeksining 184, 28,186-3, 186-3, 25,205, 205, 207, 28,209, 209, 210, 211, 212, 228-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Ushbu jinoyat ishi Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati sudyasi M. Yusupov raisligida birinchi instansiyada ko`rib chiqilmoqda.
Sal avval, doridan zaharlanib vafot etgan bolaning otasi aybdorlarga o`lim jazosini berishni so`ragani xabar qilingan edi.
Eslatib o`tamiz, dastlab, “Dok-1 Maks” dori vositasi 19 bolaning o`limiga sabab bo`lgani aytilgan edi. Biroq, teshiruvlarda mazkur dori sabab O`zbekistonda 65 nafar yosh bola vafot etgani ma`lum bo`ldi.






