Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning ma`lum qilishicha, Muzrabot tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “X.V.” xususiy firmasi rahbari O.X. tijorat banki filialidan ajratilgan kredit mablag`lari evaziga sotib olingan 2 dona “Sinotruk Howo” rusumli sement tashuvchi transport vositasini garovga qo`ymasdan boshqa shaxslarga sotib yuborib, jami 1,7 mlrd so`mni o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Xatirchi tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshirishda "A.B.", "F.","E.M.", "A.B.", "N.N.”, "A.G.", "E.G." MChJlarning mas`ul shaxslari “Samarqand” MFY hokim yordamchisi Sh.I. bilan o`zaro til biriktirib, tijorat banki filialidan 17 nafar fuqaroga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun imtiyozli kredit ajratilishiga erishib, fuqarolarga mahsulotlarni etkazib bermasdan, jami 526,6 mln so`mni MChJlarga o`tkazish orqali naqdlashtirib olganliklari aniqlangan.
Departamentning Chiroqchi tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, fuqaro Sh.X. “Zarbdor”, “Olmazor” va “Qahramon” MFY bo`yicha hokim yordamchilari bilan o`zaro til biriktirib, tijorat banki filialidan 7 nafar fuqaroga issiqxona qurish uchun imtiyozli kredit ajratilishiga erishib, fuqarolarga issiqxona qurib bermasdan soxta dalolatnomalar tuzish orqali jami 243,9 mln so`mni o`g`li L.A.ning nomiga tashkil etgan ta`minotchi “D.M.” MChJga o`tkazish orqali naqdlashtirib olganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.
07.08.2023 15:30
Respublikaning 3 hududida kredit mablag`larini noqonuniy o`zlashtirgan shaxslar qo`lga tushdi






