Misrda 6 iyun kuni sodir bo`lgan YTHda jabrlanib, og`ir tan jarohati olgan O`zbekiston fuqarosi bo`lgan ayol ikki oydan so`ng vataniga qaytarildi, deya xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi.
Og`ir tan jarohati olgan bemor Qohiradagi shifoxonalardan birining jonlantirish bo`limiga yotqizilgandi. Unga o`pkada pnevmotoraks, tos suyagi va chap boldiri sinishi tashxisi qo`yilgan, yuzi va tanasida ko`plab g`urralar (gematoma) borligi aniqlangan.
O`zbekiston elchixonasi xodimlari bemorning ahvolini birinchi kundanoq kuzatib borgan. U 12 iyun kuni Misr sog`liqni saqlash vazirligi ko`magida hukumatning insonparvarlik yordami sifatida Qohiradagi Nosir ilmiy-tadqiqot va davolash institutiga bepul davolanish uchun yotqizilgan. Stasionarda bemor zarur tibbiy ko`rik va tadqiqotlardan o`tkazilgan.
5 avgust kuni u O`zbekistonning Qohiradagi elchixonasi, Uzbekistan Airways aviakompaniyasi, Misr sog`liqni saqlash vazirligi hamda o`zbekistonlik mutaxassislar ko`magida Sharm ash-Shayx-Toshkent reysi bilan O`zbekistonga jo`natilgan.






