Gidrometeorologik mutxassis E. Abdulahatov Amudaryo havzasi suv xo`jalik tashkiloti hisobotini tahlil qildi.
Hisobotga ko`ra, Amudaryo iyulning uchinchi o`n kunligida pishqirib oqib, mazkur davrda daryoning o`rta oqimida (Qoraqum kanalga kirish qism) suv miqdori 4 km kubdan biroz ortdi. Bu, mazkur davr uchun prognoz qilingan qiymatdan 0.5 km kubga ko`p degani.
Mutaxassisning qayd etishicha, Nurek suv omborida vaziyat barqarorlashgan. Suv ombor qish mavsumiga elektr energiya ishlab chiqarish uchun etarli sathda suvni to`ldira olgan. 11 km kub hajmga mo`ljallangan suv ombor o`zida 10.2 km kub suvni jamlagan.
Pomir tog`liklarida haroratning muttasil ko`tarilish fonida muzliklarning jadal erishi Amudaryoning yirik irmoqlarida sersuvlilik keltirib chiqargan.
"Shunga qaramay, daryoning yuqori oqimida Tojikiston va O`zbekistonda biroz suv etishmadi. O`zbekiston yuqori oqimda suv olish limitdan 31% kam suvdan foydalanilgan bo`lsa, tojik tomoni azim daryodan 5% ga kamroq suv oldi. Daryoning o`rta oqimida Turkmanistonda suv taqchilligi ro`y bermagan. o`zbek tomon esa bu qismda rejadagi ko`rsatkichdan 7% ga kam suvdan foydalanilgan.
Haqiqiy suv etishmovchilik daryoning yana quyi qismiga to`g`ri kelgan. Turkmaniston mazkur davrda daryo suvidan foydalanishni 95% ga amalga oshira olgan bo`lsa, o`zbek tomoni bu davrda Amudaryo suvidan reja bo`yicha limitning 69%ini ishlata olgan xolos. O`zbek tomonida rejadagi limitdan qariyib 0.3 km kub suvdan foydalanish imkoni bo`lmagan. Balki bunda o`zbek tomoni Tuyamo`yin suv omborini to`ldirishga e`tiborini qaratgandir.
Ha shunday, quyi qismdagi Tuyamo`yin suv omborida daryo toshqin suvlaridan foydalanib, "suv qamashlar" sodir bo`lgan va Tuyamo`yin suv ombori avgust boshiga kelib, o`z suvini 3.5 km kubga etkaza oldi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, iyulning uchinchi o`n kunligida Amudaryo transchegaraviy daryosidan reja bo`yicha eng kam suv ishlatgan mamlakat O`zbekiston bo`ldi. Kelgusida muzokaralar stolida mazkur vaziyatga oydinlik kiritilishi va pirovard rejalarda mazkur vaziyat yumshatilishiga e`tibor qaratish lozim bo`ladi", - deb yozadi E. Abdulahatov.






