O`zbekistonda yovvoyi hayvonlarni uyda saqlash taqiqlanadi. Bu bo`yicha Oliy Majlis Senatining 43 yalpi majlisida ma`lum qilindi.
Qayd etilishicha, amaldagi qonunchilik hujjatlarida fuqarolar tomonidan yovvoyi yirtqich va zaharli hayvonlarni uy sharoitida saqlash masalasi huquqiy tartibga solinmagan.
Senatorlar “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida”gi Qonunning 43-moddasiga (yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitlarda, sun`iy ravishda yaratilgan yashash joylarida yoki tutqunlikda saqlash) kiritilgan o`zgartirish va qo`shimchalarni ma`qullashdi.
Mazkur o`zgartirish jismoniy shaxslar tomonidan saqlash taqiqlangan yovvoyi hayvonlarning ro`yxatini, shuningdek, yuridik shaxslar tomonidan ushbu hayvonlarni saqlash tartibini belgilaydi.
“Ro`yxatga yovvoyi hayvonlarning 66 dan ortiq turlari, jumladan, hasharotlar, baliqlar, zaharli ilonlar, ayiqlar oilasining barcha kenja turlari, yo`lbarslar, timsohlar, lochinlar, yovvoyi mushuklar, bo`rilar, shoqollar, tulkilar, orangutanlar, shimpanzelar va boshqa ko`plab hayvonlar kiradi”, deya xabar berdi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi.
Qonun bilan yovvoyi hayvonlarni saqlashni tartibga solish maqsadida jismoniy shaxslar tomonidan saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarning ro`yxati, shuningdek ro`yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni yuridik shaxslar tomonidan saqlash tartibini belgilash Vazirlar Mahkamasining zimmasiga yuklatilmoqda.
Ma`lumot uchun, 2022 yilda yovvoyi hayvonlarning odamlarga hujumi bilan bog`liq 2 ta holat qayd etilgan. Xususan, 2022 yilning 7 aprel kuni Toshkent viloyatida sher bolasi 3 yoshli bolaga hujum qilib, og`ir jarohat etkazgan.






