Holat 4 avgust kuni soat 05:30 da Urgut tuman, “Jarqishloq” mahallasidagi “Toshpo`lat ota” to`yxonasida sodir bo`lgan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo`mitasi axborot xizmati xabar berdi.
3 avgust kuni o`tkazilgan to`y tadbirida ishtirok etgan 7 nafar fuqaro ko`ngil aynishi, qayt qilish, qorin sohasida og`riq, ich ketishi va tana harorati ko`tarilishi kabi shikoyatlar bilan tungi soat 02:00 dan boshlab ertalab 10:45 ga qadar 7 nafar bemor o`tkir ovqat toksikoinfeksiyasi tashxisi bilan tuman yuqumli kasalliklar bo`limiga, bir nafar bemor esa viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.
Shifoxonalarda bemorlarga malakali tibbiy yordam ko`rsatilmoqda. Barcha bemorlar o`z kasalliklarini 2023 yil 3 avgust kuni kunning ikkinchi yarmida “Toshpo`lat ota” to`yxonasida iste`mol qilingan mayonezli salatlar bilan bog`lagan.
Qayd etilgan holat yuzasidan Sanepidqo`mita Urgut tuman bo`limi mutaxassislari tomonidan olib borilgan epidemiologik surishtiruvlar natijasida to`y egasi tomonidan to`ydan bir kun avval, ya`ni 2 avgust kuni tayyorlangan salatlar dasturxonga tortilganligi aniqlandi. Salatlar dasturxonga qo`yilgunga qadar saqlash qoidalariga rioya etilmagan uy sharoitida sovitkichsiz saqlangan.
Tibbiyot xodimlari tomonidan to`yda ishtirok etganlarni aniqlash maqsadida uyma-uy surishtirish o`tkazilib, kasallik belgilari aniqlangan 41 nafar fuqaro tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Bemorlarning ahvoli o`rta og`irlikda deb baholanmoqda, og`ir ahvoldagi bemorlar yo`q.
Ushbu holat to`liq nazoratga olingan.






