Quvasoy shahrida bankomatdagi pullarni talon-toroj qilgan g`aznachi aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departamenti xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentining Quvasoy shahar bo`limi tomonidan AT "Xalq banki" Quvasoy filialining murojaatiga asosan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ushbu bank filiali g`aznachisi X.R. o`ziga biriktirilgan bankomatni naqd pul bilan to`ldirish hamda seyf qismidagi kassetalarni olish uchun ruxsat berilganidan foydalanib, joriy yilning may-iyun oylarida jami 212,8 mln so`mni yaqin qarindoshi S.Sh. hamda o`zining plastik kartasiga o`tkazish yo`li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






