Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida joylashgan Sechanko`lda IIB xodimi yo`qoldi. Xodim besh kundan beri ko`l tagidan qidirilmoqda. Bu haqda “Daryo” nashri xabar berdi.
Mirishkor tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Azizbek Yazdurdievning ma`lum qilishicha, profilaktika inspektori o`tgan yakshanba, 30 iyul kuni Sechanko`lga dam olishga borgan.
Holat joriy yilning 30 iyulda sodir bo`lgan. “Barhayot” MFY profilaktika inspektori J.E. yakshanba, dam olish kuni, ishdan tashqari vaqtda sheriklari bilan Pomuq hududida joylashgan Sechanko`lga dam olish maqsadida borgani aytildi. Mirishkor tumani IIB va FVB tomonidan qidiruv ishlari tashkil etilgan bo`lib, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va tuman bo`limining 15 nafar xodimi, maxsus texnika va g`avvoslari, IIB xodimlari qidiruv ishlariga jalb etilgan, — deydi Azizbek Yazdurdiev.
IIB xodimining qishloqdoshi ekanini aytgan suhbatdoshga ko`ra, 33 yoshli IIB xodimi ko`lga dam olish uchun 10 nafarga yaqin hamkasblari bilan birga borgan.
Voqea sodir bo`lgan paytda o`sha joyda bo`lgan IIB xodimlari tergovda ekan. Biz qishloqdoshlari o`sha kundan beri ko`lga kelib-ketib, voqeani kuzatib turibmiz. Bugun payshanba bo`lsa, hali ham topilmadi, — deydi suhbatdosh.
Suhbatdoshga ko`ra, kapitan J.E.ning uch nafar farzandi bor.
Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmati rahbari Iroda Rasulova qidiruv ishlari davom etayotganini, voqea viloyat prokuraturasi nazoratida ekanini aytib, bundan ortiq ma`lumot berolmasligini bildirdi. Viloyat prokuraturasi esa holat haqida tez orada batafsil ma`lumot berilishini ma`lum qildi.






