Davlatimiz rahbari aholi bandligini ta`minlash va imtiyozli resurslarning etib borishini osonlashtirish bo`yicha chora-tadbirlarni e`lon qildi.
Endilikda hokim yordamchilari o`zini o`zi band qilganlarning kichik va o`rta biznesga o`tishiga ko`maklashadi.
Buning uchun Yaponiyaning Kichik va o`rta biznesni qo`llab-quvvatlash tashkiloti ekspertlari yordamida Yaponiya tajribasi asosida hududlarda biznes-inkubator va akseleratorlar tizimi joriy etiladi.
Bunda, salohiyatli tadbirkorlarga dastlabki aylanma mablag`lari uchun “ulushdorlik” kapitali beriladi.
Bu mutlaqo yangi moliyaviy manba bo`ladi.
Bu ishlarni moliyalashtirish uchun Tadbirkorlik jamg`armasi faoliyati ham tubdan o`zgaradi va unga tadbirkorlarga ulushdor bo`lib kirish vakolati beriladi.
Shuningdek, “mahalladagi ettilik” kafilligi bilan garovsiz beriladigan oilaviy tadbirkorlik kreditlari miqdori hozirgi 33 million so`mdan 100 million so`mga oshiriladi.
Ushbu mablag`larning bir qismini naqd pul ko`rinishida berishga ruxsat etiladi.






