31 iyul kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo`g`on bilan telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi.
O`zbekiston bilan Turkiya o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari ko`rib chiqildi.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik hamda ikki mamlakat hududlari o`rtasidagi samarali aloqalar izchil rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Sanoat kooperasiyasi bo`yicha, shu jumladan energetika, tog`-kon, oziq-ovqat, to`qimachilik va boshqa tarmoqlarda yangi loyihalarni ilgari surish muhimligi ta`kidlandi.
Bo`lajak qo`shma tadbirlar rejasi, xususan, oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig`ilishini o`tkazish masalalari ko`rib chiqildi.
Mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.






