Toshkent shahar Shayxontohur tumanida bolakay “udlinitel”ga osilib 5-qavatdan o`zini tashladi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, Shayxontohur tumani Ibn Sino mavzesidagi ko`p qavatli uylarning birida fuqaro 15 nafarga yaqin voyaga etmagan bolaga noqonuniy diniy ta`lim berayotgani aniqlangan. U bolalarni kaltaklagani oqibatida 1 nafar bola elektr uzaytirigich simiga osilib, 5-qavatdan o`zini tashlagan. Bolakay jarohat olib, ko`plab sinish va chiqishlar bilan shifoxonaga olib borilgan.
Holat yuzasidan o`tkazilgan dastlabki surishtiruv davomida 1995 yil Qashqadaryoda tug`ilgan, hech qanday diniy ma`lumotga ega bo`lmagan shaxs 1 iyul kunidan boshlab ijaradagi uyida har bir boladan 200 ming so`m evaziga hujra tashkil qilib, 4 nafar bolaga diniy saboq berayotgani aniqlangan. Shuningdek, 14 dona arab tilida yozilgan va nashriyoti noma`lum bo`lgan diniy adabiyotlar xolislar ishtirokida hujjatlashtirilib olingan.
Mazkur shaxsga nisbatan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 241-moddasiga asosan 15 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bolalarga etkazilgan jarohatlar og`irlik darajasini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.






