AsosiyDunyo

O`zbekiston BMT dinlararo bag`rikenglik rezolyusiyasiga hammualliflik qildi

'O`zbekiston BMT dinlararo bag`rikenglik rezolyusiyasiga hammualliflik qildi'ning rasmi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi “Nafrat so`zlariga qarshi kurashish kontekstida dinlararo va madaniyatlararo muloqot va bag`rikenglikni qo`llab-quvvatlash” rezolyusiyasini qabul qildi. O`zbekiston uning hammualliflaridan biri bo`ldi. Bu haqda O`zA xabar berdi.

Joriy yilning 25 iyul kuni BMT Bosh Assambleyasi 77-sessiyasining yalpi majlisida “Nafrat so`zlariga qarshi kurashish kontekstida dinlararo va madaniyatlararo muloqot va bag`rikenglikni qo`llab-quvvatlash” rezolyusiyasi konsensus asosida qabul qilindi. Rezolyusiya har ikki yilda, an`anaviy ravishda Marokash delegasiyasi tashabbusi bilan qabul qilinadi.

Rezolyusiya 49 ta davlat tomonidan tayyorlangan. Ular orasida O`zbekiston ham bor.

Shuningdek, rezolyusiyani tayyorlashda Turkiya, Ozarbayjon, Xitoy, Pokiston, Bahrayn, Iordaniya, Iroq, Misr, BAA, Ummon, Saudiya Arabistoni, Qatar va Quvayt, ayrim Afrika davlatlari, Markaziy Osiyoning barcha davlatlari hammuallif sifatida qatnashgan. 

Rezolyusiyada Qur`onni tahqirlash holatlari, diniy kamsitish, nafrat va zo`ravonlik holatlari ko`payganidan xavotir bildirilgan. Ularni amalga oshirgan shaxslar kim bo`lishidan qat`iy nazar, islomofobiyadan motivasiya olgani qayd etilgan.

Rezolyusiyaning asosiy maqsadi va chorlovi – diniy ramzlar, muqaddas kitoblar, uy-joy, korxonalar, mulk, maktablar, madaniyat markazlari yoki ibodat joylariga qarshi qaratilgan zo`ravonlik harakatlarini, shuningdek, xalqaro huquq me`yorlariga zid ravishda diniy obidalar, diqqatga sazovor joylar va ziyoratgohlarga hujumlarni qoralashdan iborat.

Rezolyusiya bilan har yili fevral oyining birinchi haftasini barcha dinlar, konfessiyalar va konfessiyalararo munosabatlar Butunjahon haftaligi deb e`lon qilinishi qo`llab-quvvatlangan.

    Boshqa yangiliklar