AsosiyDunyo

"Moskva Siti"ga dronlar hujumi uyushtirildi

'"Moskva Siti"ga dronlar hujumi uyushtirildi'ning rasmi

30 iyulga o`tar kechasi Rossiya poytaxtiga yana uchta dron hujum qildi. Ularning ikkitasi “Moskva-Siti” biznes markazidagi binolarga kelib tushgan. Dronlarning yana biri Moskva viloyatining Odinsovo tumanida urib tushirilgani. Bu haqda BBC xabar berdi.

“Ukraina dronlari bugun tunda hujum qildi. Moskva-Siti ofisining ikkita binosidagi fasadga zarar etgan. Qurbonlar va jarohatlanganlar yo`q”, — deydi Moskva meri Sergey Sobyanin.

Hujumda Rossiyaning uchta vazirlik idoralari va turar-joy xonadonlari joylashgan 50 qavatli IQ-kvartal binosining beshinchi va oltinchi qavatlari shikastlangan.

Ba`zi ma`lumotlarga ko`ra, hujum oqibatida bir-ikki kishi jarohatlangan, biroq rasmiylar bu ma`lumotni tasdiqlamagan.

Rossiya Mudofaa vazirligi munosabati

Vazirlik Moskva viloyatida mudofaa tizimlari orqali  bitta Ukraina droni havoda yo`q qilingani, “yana ikkita dron radioelektron kurash vositalari bilan bostirilgani va boshqaruvni yo`qotib, Moskva-Siti hududiga qulaganini” aytdi.

Ukraina dron hujumi bo`yicha munosabat bildirmagan. Voqea sababli poytaxtning “Vnukovo” aeroporti uchish va qo`nish yo`lagi qisqa muddatga yopilgan, Moskva va Moskva viloyati havo zonasida parvozlar taqiqlangan.

Bundan tashqari, Moskva shahri hududida, Testovskaya ko`chasida transport harakati to`sib qo`yilgan.

Eslatib o`tamiz, bu may boshidan beri Moskvaga qilingan to`rtinchi hujumdir. 

    Boshqa yangiliklar