Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin guruch va guruch yormasi eksportiga vaqtincha taqiq joriy etish to`g`risidagi qarorni imzoladi. Ushbu cheklov joriy yil 31 dekabrga qadar amal qiladi, deya yozmoqda O`zA.
– Guruch va guruch yormasi eksportida muayyan istisno mavjud, – deyiladi tegishli hujjatda. – Taqiq Evrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a`zo davlatlar, shuningdek, Abxaziya va Janubiy Osetiyaga nisbatan qo`llanmaydi.
“Interfaks” axborot berishicha, RF guruch mahsulotlarini insonparvarlik yordami, xalqaro tranzit asosida chet elga yuborishi mumkin.
– Vaqtincha taqiq Iqtisodiyotni rivojlantirish va integrasiya masalalari bo`yicha hukumat komissiyasining bojxona-tarif va tarifsiz tartibga solish, tashqi savdoda himoya choralari bo`yicha quyi qo`mitasi tomonidan ma`qullandi, – deyiladi hujjatda.
Vazirlar Mahkamasi ushbu qaror ichki bozorda barqarorlikni saqlash maqsadida qabul qilinganini ta`kidlagan. O`tgan oy oxirida mamlakat Qishloq xo`jaligi vazirligi guruch eksportini taqiqlash taklifini kiritgan edi.






