Avvalroq, Samarqandda bir guruh shaxslar yo`lni to`sib, avtobusni toshbo`ron qilgani haqida xabar bergan edik.
Samarqand viloyati IIB matbuot kotibining ma`lum qilishicha, voqea joriy yilning 28 iyul kuni soat taxminan 14:00da Jizzax viloyati “G`allaorol” tumani hududidan o`tuvchi M-37 avtomobil yo`lida viloyatlararo yo`lovchi tashuvchi avtobus haydovchisi, u bilan bir yo`nalishda harakatlanib ketayotgan “Damas” rusumli avtomashina haydovchisi yo`liga chiqib ketishi oqibatida haydovchilar o`zaro yo`l talashib, tortishib qolishgan.
Shundan so`ng, “Damas” haydovchisi Y.Sh. avtomashinasini boshqarib, Samarqand viloyati Oqdaryo tumani “Oytamg`ali” mahallasi hududidan o`tgan M-37 avtomobil yo`lida, tanishlari bilan avtomobil yo`lini to`sib, avtobusni harakatlanishiga yo`l qo`ymasdan, avtobusga shikast etkazgan.
Hodisada hech kim jarohat olmagan.
Holat yuzasidan viloyat IIB tomonidan o`rganish ishlari olib borilib, ushbu holatda ishtirok etgan barcha shaxslar aniqlanib, ushlangan.
Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
O`rganishlar yakuni bilan ushbu holatda ishtirok etgan barcha shaxslarning harakatlariga huquqiy baho beriladi, deyiladi matbuot kotibining bergan xabarida.






