Kecha tunga yaqin Toshkentning Yunusobod tumanida 17 yoshli o‘smir avtohalokat natijasida vafot etdi.
“Repost” nashriga ko‘ra, o‘smir yigit. A.S. mashg‘ulotdan uyiga qaytayotgan bo‘lgan. Yigit yo‘lni piyodalar o‘tish joyidan kesib o‘tayotgan vaqtda uni 21 yoshli haydovchi boshqaruvidagi katta tezlikda kelayotgan "Malibu 2" avtomashinasi urib yuborgan. Maʼlumotlarga ko‘ra, mashina ichida yana ikki kishi bo‘lgan.
Tez yordam mashinasi voqea sodir bo‘lganidan bir soat o‘tib yetib kelgani aytilmoqda. Bu vaqtda A.S.dan qon ketayotgan bo‘lgan va yigit vafot etgan.
YHXB axborot xizmati holat yuzasidan rasmiy xabar berdi.
Maʼlum bo‘lishicha, 27 iyul kuni soat 23:15 larda Yunusobod tumani Bog‘ishamol ko‘chasida 2002 yilda tug‘ilgan O.A. Malibu-2 sini boshqarib ketayotib, yo‘lning tartibga solinmagan piyodalar o‘tish qismidan kesib o‘tayotgan 2006 yilda tug‘ilgan A.S.ni urib yuborgan.
YTH natijasida piyoda olgan tan jarohatlari natijasida voqea joyida vafot etgan. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.






