“Qoraqalpog`iston Respublikasi aholisini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash hamda jismoniy shaxslar tomonidan qurilgan uy-joylarga bo`lgan huquqlarni e`tirof etish to`g`risida” gi Prezident Farmoni (PF–119-son, 28.07.2023 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Farmonga ko`ra, Qoraqalpog`iston Respublikasi hududida fuqarolarning huquq belgilovchi hujjatlarsiz qurilgan uy-joylari joylashgan er uchastkasiga ijara huquqi, unda joylashgan bino va inshootlarga mulk huquqi e`tirof etiladi.
Jumladan, buning uchun fuqaro ushbu uy-joydan 2018 yil
1 maygacha bo`lgan davrdan boshlab o`ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz foydalangan bo`lishi, ushbu holat kosmik suratlarni qayta ishlash orqali hamda so`nggi 5 yil uchun er solig`i va mol-mulk solig`i to`langanligi bilan tasdiqlangan bo`lishi lozim.
Huquqlarni e`tirof etish xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining qarorlari bilan tasdiqlanadigan uy-joylar ro`yxatiga muvofiq Jo`qorg`i Kenges qarori bilan rasmiylashtiriladi.
❕Bunda:
🔹talabgorlar va (yoki) chegaradosh er uchastkalari egalari o`rtasida nizo mavjud bo`lgan hollarda, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining qarorlari nizo bartaraf etilganidan keyin qabul qilinadi;
🔹xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan qarorlar qabul qilish hamda ularga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritishning oxirgi muddati – 2024 yil
1 avgust hisoblanadi;
xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari hamda Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesining qarorlari tegishli adliya organida huquqiy ekspertizadan o`tkazilganidan keyin qabul qilinadi va rasmiy e`lon qilinganidan keyin kuchga kiradi.






