AsosiyJamiyat

Nashida tarqatgani uchun qamalgan Jahongir Ulug`murodovga nisbatan tayinlangan jazo o`zgartirildi

'Nashida tarqatgani uchun qamalgan Jahongir Ulug`murodovga nisbatan tayinlangan jazo o`zgartirildi'ning rasmi

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 21 yoshli talabasi Jahongir Ulug`murodov Telegram`da o`zbek tilidagi “Shahid bo`lib ketsak, rozi bo`lingiz” nomli “jihod” va “hijrat”ga da`vat qiluvchi nashidalarni 10 nafar a`zosi bo`lgan “Alhamdulillah” nomli guruhga tarqatgani uchun qamalgandi. U Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (engilroq jazo tayinlash) bilan ayblanib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

17 iyul kuni Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyati sudida Oqqo`rg`on tuman sudining 2023 yil 8 maydagi hukmi ustidan berilgan shikoyatni appelyasiya tartibida ko`rib chiqish bo`yicha ochiq sud jarayoni yakunlangan.

Mazkur jinoyat ishi Toshkent viloyat sudining jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati sudyasi S.Ashirmatov raisligida hamda sudyalar H.Berdiqlichev va X.Usmonovdan iborat sud tarkibida ko`rib chiqilgan.

Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati appelyasiya instansiyasining ajrimi bilan birinchi instansiya sudining Jahongir Ulug`murodovga nisbatan chiqarilgan hukmi o`zgarishsiz, shikoyatlar esa qanoatlantirilmasdan qoldirilgan  haqida xabar bergan edik.

Biroq Ulug`murodovning advokati A.Abdullaev sudlov hay`ati appelyasiya instansiyasi tomonidan chiqarilgan ajrim ustidan kassasiya shikoyati kiritgandi. 

Bugun Oliy sudning Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati kassasiya instansiyasida advokat A.Abdullaev tomonidan berilgan kassasiya shikoyati ko`rib chiqildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmatining ma`lum qildi.

Sud majlisida qayd etilganidek, quyi sudlar J.Ulug`murodovga oid jinoyat ishi tafsilotlarini to`g`ri aniqlab, uning aybliligi haqida asosli xulosaga kelgan.

J.Ulug`murodovning sud hukmida ko`rsatilgan jinoyatni sodir etganlikdagi aybi dastlabki tergov va birinchi instansiya sudida guvohlarning birinchi instansiya sudi majlisida, mutaxassislarning apellyasiya instansiyasida bergan ko`rsatmalari, bildirgi, bayonnomalar, fotojadvallar, tushuntirish xatlari, sudga oid dinshunoslik va adabiyoshunoslik ekspertizalarining xulosalari hamda ish bo`yicha to`plangan boshqa ishonchli va maqbul dalillar yig`indisi bilan o`z isbotini topgan.

Birinchi instansiya sudi J.Ulug`murodovning jinoiy harakatlarini Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi bilan to`g`ri kvalifikasiya qilib, unga nisbatan jazo tayinlashda yoshligi, talaba ekanligi, muqaddam sudlanmagani, o`qish joyidan ijobiy tavsiflangani, oilaviy sharoiti, qilmishidan chin ko`ngildan pushaymonligini jazoni engillashtiruvchi holatlar sifatida asoslagan bo`lsa-da, ish holatlariga, uning sodir etgan jinoiy qilmishi, o`zining shaxsi va sodir etilgan ijtimoiy qilmishga nisbatan keyingi munosabatlariga etarlicha e`tibor qaratmasdan, J.Ulug`murodovni jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatish mumkin emas, deb ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq jazo tayinlagan. 

Jinoyat-prosessual kodeksining 509-9-moddasi (kassasiya instansiyasi sudining vakolatlari) da kassasiya instansiyasi sudi jinoyat ishini ko`rib chiqishda birinchi instansiya sudining hukmini va appelyasiya instansiyasi ajrimini o`zgartirish to`g`risida ajrim qabul qilishga haqli ekanligi belgilab qo`yilgan.

Shu sababli kassasiya sudlov hay`ati ish bo`yicha J.Ulug`murodovga nisbatan chiqarilgan sud qarorlarini o`zgartirib, uning yoshligi, talaba ekanligi, muqaddam sudlanmagani, o`qish joyidan ijobiy tavsiflangani, oilaviy sharoiti, qilmishidan pushaymonligi, shuningdek jinoyat sodir etgandan keyingi xulq-atvori kabi holatlarni e`tiborga oldi.

Shu tariqa Oliy sud Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati kassasiya instansiyasining 2023 yil 28 iyuldagi ajrimiga muvofiq J.Ulug`murodovga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o`zgartirilib, unga Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan ushbu kodeksning 57-moddasi (engilroq jazo tayinlash)ni qo`llagan holda 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

J.Ulug`murodovning 2023 yil 24 fevraldan 2023 yil 28 iyulga qadar qamoqda saqlangan 5 oy 4 kun Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog`i vaqtini hisobga olish qoidalari)ga asosan chegirilib, o`tash uchun 2 yil 6 oy 26 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirilishi belgilandi.

J.Ulug`murodovga ozodlikni cheklash jazosini yashash joyi bo`yicha o`tash belgilanib, soat 22:00 dan soat 06:00 ga qadar yashash joyidan chiqish taqiqlandi.

J.Ulug`murodovga Jinoyat kodeksining 48-1-moddasi (ozodlikni cheklash) 5, 6-qismlari talablari tushuntirilib, sudlangan J.Ulug`murodov darhol jazoni ijro etish joylarida qamoqdan ozod qilinishi belgilandi.

Advokat A.Abdullaevning himoyasi ostidagi J.Ulug`murodovni oqlash haqidagi shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

    Boshqa yangiliklar