Prezident raisligidagi yig`ilish davomida mamlakatimiz bo`yicha kriminogen vaziyat murakkab bo`lgan, “qizil” toifaga kiritilgan mahallalar eng ko`p Toshkent shahri, Farg`ona, Qashqadaryo, Buxoro va Namangan viloyatlariga to`g`ri kelgani ko`rsatib o`tildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
O`tgan olti oyda mahalladagi o`ta og`ir va og`ir jinoyatlar Farg`ona, Toshkent viloyati, Toshkent shahri, Buxoro, Andijon, Qashqadaryo viloyatlarida eng ko`p sodir etilgan.
Farg`ona shahrida o`g`rilik, Namangan shahrida bezorilik, Qo`qon shahrida tan jarohati, Samarqand shahrida nomusga tegish va tovlamachilik, Mirobod tumanida qotillik ko`p yuz bergan.
Ijtimoiy-iqtisodiy muammosi hal etilmasa jinoyat yo`liga kirish ehtimoli yuqori aholi qatlami bilan yangicha ishlash tizimi joriy qilingan edi.
Unga ko`ra, bunday toifaga kiruvchi aholi “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida “mahalla beshligi”ga nomma-nom biriktirilgan.
Lekin, Ichki ishlar, Kambag`allikni qisqartirish vazirliklari, Oila va xotin-qizlar qo`mitasi bu masalaning ichiga chuqur kirmagan, “mahalla beshligi” uchun na bir metodika, na bir qo`llanma ishlab chiqqan.
Oqibatda ushbu yangi tizim 9 ming 400 ta mahalladan bor-yo`g`i 20 tasida ishlayapti.
“Nima ish qilish kerakligini bilmagan ayrim profilaktika inspektorlari esa bog`chalarga borib, 3-4 yoshli bolakaylarga “oq-qorani farqlash” bo`yicha ma`ruza o`qish bilan band.
Tizimda staji 3 yilgacha bo`lgan, endi tajriba to`playotgan profilaktika inspektorlarini kriminogen og`ir mahallaga qo`yish amaliyoti haligacha davom etmoqda.
Aksincha, “yaxshi” mahallalarda esa ko`p yillik tajribasi bor xodimlar xizmat qilmoqda”, - dedi Prezident.
Ichki ishlar vaziriga kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo`yish ishlari qoniqarsiz yo`lga qo`yilgani ko`rsatib o`tildi.
28.07.2023 16:02
Prezident bog`chada bolalar bilan uchrashuv o`tkazgan profilaktika inspektorlarini tanqid qildi






