Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman)ga buxorolik fuqaro F.Fayziev ish haqi va boshqa to`lovlarni undirish hamda buzilgan Mexnat huquqlari bo`yicha murojaat qildi, deya xabar bermoqda Ombudsman axborot xizmati.
Aniqlanishicha, F.Fayziev “Buxoro futbol klubi” MChJda 1990-2013 yillarda turli lavozimlarda ishlagan.
2013 yil futbol klubi bankrot deb topilgan. Klub rahbariyati tomonidan “Buxoro FK” MChJ o`rniga “Buxoro PFK” MChJ tashkil etilib, klub faoliyatini davom ettiravergan. Barcha klub xodimlari va futbolchilar to`liq yangi tashkil qilingan klubga ishga o`tkazilgan. Biroq, klub fuqaro F.Fayziev oldida ish xaqi va mukofot pullaridan 33.808.533 so`m, hamda xizmat safari harajatlaridan 30.052.322 so`m, jami 63.860.855 so`m qarzdor bo`lib kolgan.
F.Fayziev “Buxoro professional futbol klubi” MChJda 2016-2018 yillarda ham lisenziyalashtirish menedjeri lavozimida ishlagan. Ushbu davrda ham 23 oy uchun, har bir oyda 1.881.690 so`mdan to`lanishi lozim bo`lgan jami 43.278.870 so`m oylik maosh pullari to`lanmagan.
F.Fayziev bir necha marotaba O`zbekiston Futbol Federasiyasi huzuridagi maxsus komissiyaga yozma ravishda murojaat etib kelgan. Maxsus komissiya F.Fayzievning arizasi yuzasidan tegishli ko`rsatmalar berib kelgan bo`lsada, “Buxoro PFK” MChJ rahbariyati Fayziev Fayzillo oldidagi qarzlarni ma`lum muddatgacha cho`zilishini va to`lanishini ma`lum qilgan holda, kafolat xati berib, biroq amalda to`lovlarni amalga oshirmagan.
Murojaatchi arizasida, ish vaqtidan tashqari ham ishlagani sababli, sog`lig`i og`irlashgani, Xattoki, ish vaqtida oyoqlari o`ziga buysunmay qolib, og`ir ahvolda tibbiyot birlashmasiga olib ketilganida shifokorlar “Insult” o`tkazganligini yozgan.
Barcha hujjatlar o`rganilgach, Ombudsman hozirda 2-guruh nogironi bo`lgan F.Fayziev manfaatida to`lanmagan ish xaqi, xizmat safari xarajatlari va mukofot pullari va unga etkazilgan ma`naviy zararni undirish bo`yicha fuqarolik ishlari bo`yicha Buxoro tumanlararo sudiga da`vo ariza kiritdi.
Sud tomonidan Ombudsman da`vo arizasi qisman qanoatlantirilib, "Buxoro professional futbol klubi" MChJdan da`vogar F.Fayziev foydasiga ish haqi va unga tenglashtirilgan to`lovlar uchun jami 91 278 870 so`m hamda ma`naviy zarar uchun 10 000 000 so`m undirilishi bo`yicha qaror chiqardi. Viloyat appelyasiya sudi ajrimi bilan undiriladigan jami summa miqdori 104 mln so`mga oshirildi. Hozirda murojaatchiga 104 mln so`m mablag` undirib berilgan, deyiladi xabarda.






