O`zbekistonning JSTga a`zo bo`lish jarayonini tezlashtirish va sifatli amalga oshirilishini ta`minlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 2 iyundagi PQ–181-son qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan Adliya vazirligida Milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg`unlashtirish boshqarmasi hamda tegishli vazirlik va idoralarda JST masalalari bo`yicha tarkibiy bo`linmalar tashkil etildi.
Shuningdek, Adliya vazirligida tashkil etilgan mazkur boshqarmaga milliy qonunchilikni JST bitimlariga uyg`unlashtirish hamda vazirlik va idoralar tomonidan mazkur sohada amalga oshirilayotgan ishlarni monitoring va tahlil qilib borish funksiyasi yuklatildi.
Ta`kidlash lozimki,milliy qonunchilikni JST bitimlari
va qoidalariga uyg`unlashtirish JSTga a`zolik masalalarini jadallashtirishning asosiy elementi hisoblanadi.
Shunga muvofiq, Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo`yicha Idoralararo komissiya yig`ilishi tomonidan Qonunchilikni moslashtirish bo`yicha yangilangan ish rejasi (Updated LAP) tasdiqlandi va 46 ta
chora-tadbirlarni o`z ichiga olgan ushbu hujjat JST Kotibiyatiga belgilangan tartibda taqdim etildi.
Mazkur reja va O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 2 iyundagi PQ–181-son qarori ijrosini ta`minlash hamda istiqboldagi vazifalarni muhokama qilish maqsadida Adliya vazirligida mas`ul davlat organlari ishtirokida yig`ilish tashkil etildi. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar berdi.
Tadbir davomida Qonunchilikni JST bitimlariga moslashtirish bo`yicha yangilangan ish rejasining har bir bandi bo`yicha vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshirilgan ishlar batafsil tahlil qilindi va ularni amalga oshirish bo`yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.






