AsosiyJamiyat

Katta Andijon kanali qirg`og`ida o`sib turgan 1213 tup daraxt qishda kesib tashlangani aniqlandi

'Katta Andijon kanali qirg`og`ida o`sib turgan 1213 tup daraxt qishda kesib tashlangani aniqlandi'ning rasmi

Farg`ona viloyatidagi Katta Andijon kanali qirg`og`ida o`sib turgan 1213 tup daraxt yanvar-fevral oylarida kesib tashlangani, buning oqibatida tabiatga 4,6 mlrd so`m zarar etkazilgani aniqlandi. Bu haqda bugun, 26 iyul kuni Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, Bosh prokuratura tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda Farg`ona viloyati hududida o`rganish ishlari olib borilgan va unda Norin-Farg`ona irrigasiya tizimidagi Katta Andijon kanali qirg`og`ida o`sib turgan 1213 tup daraxt joriy yilning yanvar-fevral oylarida “Bag`dodmaxsussuvpudrat” MChJ mansabdor shaxslari va boshqalar tomonidan qasddan kesib tashlanib, o`simlik dunyosiga 4,6 mlrd so`mlik zarar etkazilgani aniqlangan.

Holat yuzasidan Farg`ona viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi (Ekinzorlarni, o`rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o`simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.

Bildirilishicha, hozirda ichki ishlar organlari tomonidan dastlabki tergov harakatlari o`tkazilmoqda. Shuningdek, Bosh prokuratura tomonidan mazkur jinoyat ishi tergovi ustidan nazorat o`rnatilgan.

    Boshqa yangiliklar