FVV tizimidagi Toshkentda joylashgan harbiy qismlarning birida muddatli harbiy xizmatni o`tayotgan 24 yashar samarqandlik yigit vafot etdi. Bu haqda "Millar" dasturida xabar berildi.
Ma`lum qilinishicha, Urgut tumani "Mingtepa" mahallasida yashagan yigit Toshkentdagi harbiy qismlardan birida muddatli harbiy xizmatni o`tayotgan vaqtida, ya`ni 27 iyun kuni prevmoniya kasalligidan vafot etgan. Ammo marhumning oila a`zolari bunga shubha bildirmoqda.
"26 iyun kuni ukangizning mazasi yo`q, harbiy gospitalga tushib qoldi, kelmasangiz bo`lmaydi, deb komandiri telefon qildi. 24 iyun kuni tushlikdan keyin (ukam) bilan gaplashgan edik. Sog`lig`idan shikoyat qilmagandi. Shifokor ko`karib ketgan holatda keldi, deyapti. Pnevmoniya tashxisi qo`yilgan. Komandirlari birdaniga o`zidan ketib qoldi, deyishdi. O`zidan ketish jarayoni, harbiy gospitalga kirib borishi (aks etgan) videotasvir kerak bizga. Shu bilan qiziqyapmiz", — deydi marhumning akasi.
Uning aytishicha, ukasi o`z ajali bilan vafot etmagan.
"Salomatligidan hech qanday shikoyat qilmagan, shifokor ko`rigida turmagan, voenkomatdan yaxshi o`tgan. Ukamning bel sohasida shilinib ketgan joyi bor, rasm va videoga olganmiz. O`z ajali bilan o`lmagan-da. Nimadir bo`lgan, bizdan yashirishyapti. Yuz sohasida barmoq izi bor, og`izning ichida yirtilish bor. Ukam harbiy xizmatdan kelganidan keyin to`yini qilamiz, degan yaxshi niyatlarimiz bor edi. Kuyovlik nasib etmadi", — deydi marhumning akasi.
Respublika Harbiy prokurorining katta yordamchisi Sherzod Hayitov marhum Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimidagi harbiy qismda muddatli harbiy xizmatni o`taganini ma`lum qildi.
"Hozirda holat yuzasidan Toshkent harbiy prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tekshiruv harakatlari nazoratga olingan", — dedi Sherzod Hayitov.






