O`zbekiston prezidentining 20 avgust kuni bo`lib o`tadigan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga ariza va murojaatlarni qabul qilish boshlandi. Bu haqda Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, tadbirda minglab ishbilarmonlarning onlayn va bevosita tarzda ishtirok etishi kutilmoqda. Muloqot tizimli muammolarni aniqlash, ularni hal qilish yo`llarini topish va O`zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirishni yanada rag`batlantirishga yordam beradi.
Ochiq muloqotga tayyorgarlik ko`rish doirasida Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan Savdo-sanoat palatasi va biznes-ombudsman bilan hamkorlikda tadbirkorlar uchun Call-markazlari va tahliliy shtab faoliyati tashkil etildi.
Bu jarayonga mas`ul vazirlik va idoralar jalb etilib, viloyatlarda hududiy shtablar tashkil qilindi.
Murojaatlarni 1094 va 1100 raqamlari yoki yozma ravishda business.gov.uz portali orqali haftasiga etti kun, 24 soat davomida yo`llash mumkin. Kelib tushgan har bir murojaatlar inobatga olinadi.
Vazirlik xabarida keltirilishicha, bu formatdagi muloqot an`anasi ikki yildan buyon davom etib kelayotganiga qaramasdan 2021 yildan boshlab tadbirlarga tayyorgarlik doirasida ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo`yicha 27 mingdan ortiq murojaat va takliflar kelib tushdi. Ochiq va konstruktiv takliflar yangi islohotlar dasturini shakllantirishga imkon berdi. Bu yil uchinchi ochiq muloqot bo`lib o`tadi.






