Tez tibbiy yordam xizmati sifati, eng avvalo, "103" brigadalarining chaqiriq manziliga o`z vaqtida etib borishi bilan belgilanadi.
Ammo ba`zan fuqarolardan “Tez yordam” avtomashinalari bemor oldiga kechikib borgani haqidagi e`tirozlarni eshitamiz. Bunga esa ko`pincha yolg`on chaqiriqlar sabab bo`ladi.
— 2023 yilning o`tgan 6 oyi davomida “103” xizmatiga jami 1752 ta yolg`on chaqiriq kelib tushdi, — deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon Gafurov. — Mazkur ko`rsatkichni 2022 yilning ayni shu davri bilan taqqoslasak, qariyb 975 taga kamayganini ko`rish mumkin. Biroq gap inson salomatligi haqida ketar ekan bunday murojaatlarning bittasi ham ko`p. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tahlillar shuni ko`rsatadiki, 2023 yilning yanvar-iyun oylarida eng ko`p yolg`on chaqiriq Toshkent viloyatida kuzatilib, mazkur raqam 325 tani tashkil etdi. Keyingi o`rinda Farg`ona viloyati qayd etildi — 284 ta. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatidan 248 ta ana shunday murojaat kelib tushgan.
Eng kam yolg`on chaqiriq esa Samarqand viloyatida ro`yxatga olindi — 17 ta!
24.07.2023 16:41
6 oy davomida “Tez yordam”ga qancha yolg`on chaqiriq kelib tushgani ma`lum qilindi






