1 avgustdan 31 avgustgacha Silk Avia barcha yo`nalishlarga chiptalar narxini pasaytiradi. Masalan, ushbu davrda Samarqandga 12 evroga, Farg`ona yoki Namanganga 10 evro, Buxoroga esa bor-yo`g`i 17 evroga uchish mumkin bo`ladi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar qilmoqda.
Ma`lum qilinishicha, aviachiptalarni 21 iyuldan boshlab aviatashuvchining rasmiy www.silk-avia.com sayti, +99855 501-22-12 aloqa markazi yoki O`zbekiston xalqaro aeroportlari kassalarida arzonlashtirilgan narxlarda xarid qilish mumkin.
Ma`lumot uchun, Silk Avia uchta tarifga ega. ODDIY tarifida faqat 5 kg qo`l yuki taqdim etiladi — yuklat maxsus o`lchamga mos kelishi kerak — 40sm x 30sm x 20sm. OSON tarifi ham qaytarilmaydigan, lekin qayta bron qilish va 10 kg gacha qo`shimcha bagaj olish imkoniyati mavjud. OMAD tarifiga 20 kg gacha yuk, qayta bron qilish va chiptani qaytarish kiradi.
Ilgari amalda bo`lgan jadval bo`yicha parvozlar uchun chipta sotib olgan yo`lovchilar o`zgarishlar to`g`risida xabardor qilinadi va ularga bepul qayta bron qilish yoki to`lovni to`liq qaytarish taklif etiladi.
Shuningdek, aviakompaniya tariflari va xizmatlari haqida batafsil ma`lumotni www.silk-avia.com veb-saytidan olish yoki +99855 501-22-12 telefon raqami orqali Aloqa markazi operatorlari bilan bog`lanish mumkin.






