Afg`onistonning Vardak viloyatida yuz bergan suv toshqinlari oqibatida 22 kishi halok bo`ldi, 40 kishi bedarak yo`qoldi. Bu haqda Etilaatroz xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, 22 iyul kuni yuz bergan sel viloyatning beshta tumanida katta qurbonlar va talafotlarga sabab bo`lgan. “Tolibon”ning viloyatdagi rasmiysi yuzlab turar joylar va qishloq xo`jaligi erlari vayron bo`lganini aytgan.
Tabiiy hodisa oqibatida Kobul—Bomiyon avtomagistrali va Maydan Vardak tumanlaridagi ayrim yo`llar ham to`sib qo`yilgan.
Kecha tunda Kobulning Arg`andi tumanida ham kuchli yomg`ir kuzatilgan. Ma`lumotlarga ko`ra, sel bu tumanga ham zarar keltirgan. Yomg`ir va suv toshqinlari oqibatida qurbon bo`lganlar va etkazilgan zararning umumiy statistikasi hozircha e`lon qilinmagan.






