Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti 2023-2024 yillarda virusli tropik kasalliklar avj olishini prognoz qilish asnosida allaqachon bu xavfga tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, mutaxassislar Tinch okeani markazidagi katta massaga ega suv harorati bilan bog`liq El-Nino hodisasi dunyo iqlimining “motori” ekanini ta`kidlaydi.
Chunki bu fenomen Tinch okeani sirt haroratining 3 °C dan ko`proq oshishini anglatib, kuchli qurg`oqchilik, suv toshqinlari, yog`ingarchilik va anomal issiqlikka sabab bo`ladi.
JSST rahbari Tedros Gebreyesusning so`zlariga ko`ra, denge va chikungunya isitmalari hamda Zika virusi bilan kasallanish holatlari ko`payishi kutilmoqda. Bu xastaliklarning barchasi odamlarga chivinlar chaqishi orqali yuqishi kuzatiladi.
“So`nggi o`n yillikda dunyo bo`ylab denge isitmasiga chalinish holatlari keskin oshdi, — deydi T. Gebreyesus. — Ayniqsa Shimoliy va Janubiy Amerikada o`tgan yili 2,8 million holat qayd etilgan va bemorlardan 1280 nafari hayotdan ko`z yumgan”.
JSST tahlilida keltirilishicha, 2016 yili El-Nino bilan bog`liq tabiiy ofatlar 30 ta mamlakatda 60 millionga yaqin insonga ziyon etkazgan.






