AsosiyJamiyat

Buxoroda IELTS sertifikatini qalbakilashtirib, "yaxshigina" ustama haqi olib kelgan o`qituvchi qo`lga tushdi

'Buxoroda IELTS sertifikatini qalbakilashtirib, "yaxshigina" ustama haqi olib kelgan o`qituvchi qo`lga tushdi'ning rasmi

Buxoro shahrida IELTS sertifikatini soxtalashtirib, ustama haqi olgan o`qituvchi aniqlandi. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektori buyrug`i bilan S1 darajadagi IELTS sertifikati borligi sababli xorijiy tillar kafedrasi o`qituvchisi A.M.ning oylik maoshiga qo`shimcha 50 foiz ustama to`lab kelingan. Ushbu sertifikatda A.M.ning emas, balki boshqa noma`lum shaxsning fotosurati mavjudligi sababli uning haqqoniyligini tekshirish maqsadida Britaniya Kengashining O`zbekistondagi vakolatxonasiga so`rov jo`natilgan. Britaniya Kengashi vakolatxonasi direktorining tegishli xatida ushu sertifikat imtihonda qoida buzilishi, ya`ni nomzod o`rniga boshqa shaxsning yordamidan foydalanganlik holati bo`yicha o`tkazilgan tekshiruv natijasiga ko`ra bekor qilinganligi ko`rsatilgan.

Shuningdek, Kengash tekshiruv natijalariga ko`ra A.M.ga 2023 yil 26 sentyabrga qadar IELTS imtihonlarini qayta topshirish taqiqlangan.

Buxoro Muhandislik texnologiya institutining taqdim qilgan ma`lumotiga ko`ra, 003241-sonli IELTS sertifikati asosida A.M.ga 2021 yilning dekabr oyidan 2022 yilning sentyabr oyiga qadar jami 33 mln 276 ming so`m qo`shimcha ustama hisoblanib, to`lab berilgan.

Mazkur holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar