Ombudsman axborot xizmatining bergan xabariga ko`ra, Ombudsmanning Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili Odilbek Ollayorovga murojaatchi M.S. o`g`li bilan yo`l transport hodisasini sodir bo`lgani va uni sodir etgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilmayotgani bo`yicha murojaat qilgan.
Aniqlanishicha, murojaatchining o`g`li “Matiz” rusumli mashinani Urganch-Xiva avtomobil yo`lida o`z harakat polosasida boshqarib kelayotganida, orqasida yuk ortilgan tirkamasi bo`lgan “Kobalt” rusumli mashinada katta tezlikda harakatlanib kelayotgan haydovchi X.X. qarama-qarshi yo`nalishda boshqaruvni yo`qotib yo`l transport hodisasini sodir etgan. Natijada “Matiz” rusumli mashinaga 18,5 mln so`mlik moddiy zarar etkazilgan.
Murojaatchining yozishicha, sud-tergov jarayonlarida haydovchi X.X.ga emas, balki o`z harakat polosasidan chiqmagan “Matiz” rusumli mashina haydovchisi javobgarlikka tortilgan. Murojaatchi M.S. sud hukmi ustidan appelyasiya shikoyatini bergan, lekin, apellyasiya sudi birinchi instansiya sudining hukmini o`zgarishsiz qoldirgan. Ish Oliy sudgacha borgan va nihoyat apellyasiya ajrimi bekor qilinib, ish qayta ko`rish uchun qaytarilgan. Takroriy apellyasiyada “Matiz” rusumli mashina egasi oqlangan.
Lekin jinoyat ishining bir qismi Xorazm viloyat prokuroriga yuborilgan bo`lishiga qaramasdan YTHda aybdor shaxsning javobgarlikka tortish masalasi hal etilmagan. Murojaatchi M.S. bir necha marotaba viloyat prokuraturasiga murojaat qilganida X.X. harakatlarida jinoyat alomatlari bo`lmaganligi sababli jinoyat ishi qo`zg`atish rad qilingani to`g`risida ma`lum qilingan.
Oradan 6 oy o`tgach, murojaatchi Ombudsmanning Xorazmdagi mintaqaviy vakiliga murojaat qilgan va holat nazoratga olingan. Ombudsman mintaqaviy vakili Odilbek Olloyorov ish hujjatlarini o`rganib, tergovchining jinoyat ishi qo`zg`atishni rad qilish to`g`risidagi qarori asossiz ekanligini ko`rsatib, ishni qonuniy ko`rib chiqish bo`yicha Xorazm viloyat prokuroriga murojaat qilgan.
Shundan so`ng, X.X.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan ayblov hukmi chiqarildi. Bu bilan yo`l transport hodisasi natijasida etkazilgan zararlarni fuqarolik ishlarini yuritish tartibida undirish imkoni yaratildi.






