Farg`onada mushukni tirik holda yoqib yuborgan uch nafar shaxsga nisbatan ichki ishlar organlari tomonidan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 111-moddasi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlash to`g`risida qaror qabul qilingan edi.
Quvasoy shahar prokurorining protesti bilan yuqoridagi qaror bekor qilinib, huquqbuzarlarga nisbatan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 111-moddasi (hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo`lish) 2-qismi va 189-1-moddasi (tazyiqni, zo`ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ`ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish) bilan rasmiylashtirilgan ma`muriy bayonnoma mazmunan ko`rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo`yicha Quvasoy shahar sudiga yuborilgan.
Oliy sud Matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, bugun ochiq sud majlisida M. A. (1983 yilda tug`ilgan), Az. A. (1995 yilda tug`ilgan) va As. A. (2005 yilda tug`ilgan) ga oid ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ish ko`rib chiqilgan.
Jinoyat ishlari bo`yicha Quvasoy shahar sudining 2023 yil 21 iyundagi qaroriga ko`ra M. A. Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 111-moddasi 2-qismi va 189-1-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topilib, unga ushbu kodeksning 34-moddasi (bir necha huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun ma`muriy jazo qo`llanish) ga asosan 7 sutka ma`muriy qamoq jazosi;
Az. A. Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 111-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilib, unga 5 sutka ma`muriy qamoq jazosi;
As. A. Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 111-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilib, unga 3 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Ushbu qarordan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Farg`ona viloyat sudining apellyasiya instansiyasiga shikoyat berish va protest bildirishga haqliligi ma`lum qilindi.






